Balki oltinrang, qarsildoq po‘stlog‘i va og‘izda erib ketadigan mayin qatlamli xamiri bilan kruassandan ko‘ra fransuz oshxonasini yaxshiroq ifodalovchi mahsulot yo‘qdir. Ammo bugungi kunda istalgan nonvoyxonaga kirsak, an’anaviy kruassanning deyarli tanib bo‘lmas darajada o‘zgarganini ko‘rishimiz mumkin. Bugungi kunda kruassan donat, maffin, kub, shar yoki konus shaklida, hatto yassi ko‘rinishda ham tayyorlanadi. Bunday gibrid kruassanlar - qandolatchilikdagi so‘nggi trend.
Klassik kruassan laminatsiya texnikasi yordamida tayyorlanadi. Bu usulda xamirturushli xamir uch marta sariyog‘ qatlamlari atrofida «o‘raladi» yoki buklanadi. Natijada xamirda 16 tadan 50 tagacha qatlam hosil bo‘ladi. Avvaliga ijodkorlik kruassan uchlarining burchagi va yo‘nalishini o‘zgartirish bilan cheklanadigandek tuyulgan edi. Ammo unday emas!
1. SHAKL 2013-yilda Melburn shahridagi Lune Croissanterie asoschisi Keyt Rid tufayli dunyo ilk kraffinlar — maffin shaklidagi kruassanlar bilan tanishdi. Uzoq tanaffusdan so‘ng, faqat 2022-yilda Nyu-Yorkdagi Lafayette Grand Café kruassan va bomboloni (italyancha ichlikli ponchik) gibridi bo‘lgan **«kromboloni»**ni yaratdi. Ushbu mahsulot TikTok’da tezda ommalashib, butun dunyodagi qandolatchilarni yangi shakllar bilan tajriba qilishga ilhomlantirdi. Bugungi kunda kruassan shakli - ijodkorlik uchun cheksiz imkoniyatlar maydonidir.
2. RANG Yana bir yangi trend - rangli kruassanlar. Rangli kruassanlar tayyorlashda tabiiy bo‘yoqlar va tabiiy ingredientlardan foydalaniladi. Masalan, qizil kruassanlar, matcha choyi qo‘shilgan yashil kruassanlar yoki hatto kamalak rangidagi kruassanlar.
3. PARHEZBOP KRUASSANLAR Assortimentga glyutensiz, vegan va kam kaloriyali kruassanlarni kiritish. Bu, ayniqsa, sog‘lig‘i va ovqatlanish tartibiga e’tibor beradigan mijozlar uchun dolzarb.
4. XAMIR BILAN TAJRIBALAR Kruassanning tuzilishi va ta’mini o‘zgartirish uchun turli xil unlardan, masalan, butun donli, spelta yoki grechka unidan foydalanish, shuningdek, xamirga qo‘shimcha ingredientlar - chia urug‘i, zig‘ir urug‘i va boshqalarni qo‘shish.
5. MAHALLIY VA ETNIK TA’MLAR Noyob ta’m kombinatsiyalarini yaratishda mahalliy va milliy oshxonalardan ilhomlanish. Masalan, matcha choyi, yuzu yoki halva bilan tayyorlangan kruassanlar.
6. ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALAR
Maxsus uskunalardan - kruassanomatlar foydalanish kruassanlarni ichlikli va ichliksiz holda ishlab chiqarish imkonini beradi. Shuningdek, maxsus kesish stansiyasiga ega avtomatik va yarim avtomatik xamir yoyish mashinalaridan foydalanish mumkin.
To‘g‘ri tanlangan uskunalar ishlab chiqarish jarayonida xamirning tuzilishini saqlab qoladi, uning qalinligini nazorat qiladi va yuqori unumdorlikni ta’minlaydi
Bir narsa aniq: kruassan qanchalik o‘zgarmasin, u har bir nonvoyxona assortimentidagi eng ko‘p sotiladigan mahsulotlardan biri bo‘lib qoladi. Ijodkorlik uchun cheksiz imkoniyatlar va zamonaviy texnologiyalar esa tadbirkorlarga mijozlarni hayratda qoldirish, xursand qilish va daromad olish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.